Xalq og'zaki ijodi millat ko'zgusidir. Bu shunday ko'zguki, unda bir millatning o'tmishi, kelib chiqishi bor bo'y-basti bilan gavdalanadi. Bugina emas, biz millatning bugungi ahvolini tahlil qilmoqchi bo'lsak ham xalq og'zaki ijodiga yuzlanamiz. O'zbek xalq og'zaki ijodichalik rang-barang, sara va mukammal xazinani topish mahol. Ikkita so'zdan iborat maqollardan tortib, yuzlab sahifalarni band qilgan dostonlargacha bu xilma-xillikdan bahramand bo'lishingiz mumkin. Topishmoqlar, chaldirmoqlar, qo'shiqlar, ertaklar ma'naviy xazinamiz naqadar boyligini ko'rsatadi. Jahon adabiyoti miqyosida olsak ham, xalq og'zaki ijodi va mifologiya qayta-qayta murojaat qilinadigan qiziqarli mavzudir.